• 100194, Тошкент ш., Юнусобод, 3 квартал, Янги шахар кўчаси, 7А

Virusli ichak infeksiyalarini o‘rganishda zamonaviy yutuqlar

1. ROTAVIRUSGA QARSHI YANGI INAKTIVATSIYALANGAN VAKSINA: GO‘DAKLARDA IMMUN JAVOB 83,3 FOIZGA YETDI

2026-yil 14-avgust kuni Nature Communications jurnalida rotavirus infeksiyasiga qarshi yangi inaktivatsiyalangan vaksinaning I bosqich randomizatsiyalangan, platsebo-nazoratli klinik tadqiqoti natijalari e’lon qilindi.

Tadqiqotda 2 oylikdan 71 oylikkacha bo‘lgan 288 nafar bola ishtirok etdi. Tadqiqot davomida vaksinaning turli dozalarini va yuborish sxemalarini qo‘llashda uning xavfsizligi, ko‘tarilishi va immunogenligi baholandi.

Eng yuqori immun javob antigenning yuqori dozasi bilan uch dozali emlash sxemasida qayd etildi: go‘daklarda serokonversiya ko‘rsatkichi 83,33 foizni, platsebo guruhida esa 10 foizni tashkil etdi.

Vaksinani qo‘llash bilan bog‘liq jiddiy nojo‘ya hodisalar qayd etilmadi.

Olingan natijalar muqobil vaksina platformalarini ishlab chiqish va bolalarda rotavirus infeksiyasining oldini olish choralarini takomillashtirish nuqtayi nazaridan muhim ilmiy ahamiyatga ega.

Nashr:

Zhou Y., Tan J., Liu Y. et al. Safety and immunogenicity of inactivated human Rotavirus vaccine in young children and infants: a randomized, placebo-controlled, double-blind, phase I clinical trial // Nature Communications. 2026. Vol. 17. Art. 9777. DOI: https://doi.org/10.1038/s41467-026-76607-z.

2. ICHAK INFEKSIYALARINING GLOBAL MANZARASI: JSSTNING 31 TA MAMLAKATDA O‘TKAZGAN TADQIQOTI AYLANIB YURGAN QO‘ZG‘ATUVCHILAR TARKIBIDAGI O‘ZGARISHLARNI ANIQLADI

2026-yil 27-oktabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan muvofiqlashtiriladigan Global Pediatric Diarrhea Surveillance (GPDS) xalqaro kuzatuv tarmog‘ining tadqiqot natijalari e’lon qilindi.

Tadqiqot 31 ta mamlakatdan 5 yoshgacha bo‘lgan, diareya sababli shifoxonaga yotqizilgan 70 750 nafar bolani qamrab oldi. Molekulyar tekshiruvlar uchun 16 458 ta najas namunasi tanlab olindi. Ularda miqdoriy polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) usuli yordamida 16 ta ichak patogeni aniqlandi.

Asosiy natijalar:

  • Rotavirus — eng ko‘p aniqlangan patogen bo‘lib, uning ulushi 30,4 foizni tashkil etdi.
  • Enterik adenoviruslar 40/41 — 19,1 foiz.
  • Norovirus — 17,9 foiz.

Rotavirusning shifoxonaga yotqizilish holatlaridagi ulushi 2017–2018-yillardagi 36,7 foizdan 2021–2022-yillarda 26,7 foizgacha kamaydi. Aksincha, norovirus ulushi 6,2 foizdan 7,3 foizgacha oshdi.

Rotavirusga qarshi emlash joriy etilgan mamlakatlarda ham 2021–2022-yillarda rotavirus diareya sababli kasalxonaga yotqizilishning yetakchi sabablaridan biri bo‘lib qolgan — 18,4 foiz.

Asosiy ilmiy xulosa: rotavirusga qarshi vaksinatsiya joriy etilgandan so‘ng og‘ir kechuvchi ichak infeksiyalarining etiologik tarkibi o‘zgaradi, biroq rotavirus shifoxonaga yotqizilishning yetakchi sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, norovirus va 40/41-tipdagi adenoviruslarning etiologik ahamiyati ham saqlanib qolmoqda.

Nashr:

Soeters H.M., Antoni S., Iyer S.S. et al. Etiology and incidence of diarrhea requiring hospitalization in children under 5 years of age in 31 low- and middle-income countries: Findings from the Global Pediatric Diarrhea Surveillance network, 2017–2022 // PLOS Global Public Health. 2026. Vol. 6, No. 10. e0006655. DOI: https://doi.org/10.1371/journal.pgph.0006655.

3. NOROVIRUS GII.17: GLOBAL TADQIQOT YANGI GENOTIP AYLANISHINING KESKIN ORTGANINI ANIQLADI

2026-yil 7-may kuni Journal of Clinical Virology jurnalida besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda noroviruslarning genetik xilma-xilligiga bag‘ishlangan NoroSurv xalqaro molekulyar-epidemiologik tadqiqoti natijalari e’lon qilindi.

Tadqiqotchilar 22 ta mamlakat va oltita qit’a mintaqasidan olingan virusning 4113 ta genetik ketma-ketligini tahlil qildilar. Jami 26 ta genotip va 53 ta virus varianti aniqlandi.

Asosiy genotip GII.4 bo‘lib qolgan va u barcha tahlil qilingan ketma-ketliklarning 53 foizini tashkil etgan. Biroq GII.17 genotipining tarqalishi keskin ortgani alohida e’tiborni tortdi: 2024–2025-yilgi mavsumda uning ulushi o‘rganilgan barcha ketma-ketliklarning 32 foiziga yetdi.

Shu bilan birga, bir nechta mintaqalarda GII.4 ulushining kamayishi fonida GII.17 genotipi aniqlanish chastotasining ortishi kuzatildi.

Olingan natijalar norovirusning genetik evolyutsiyasini tushunish, yangi aylanib yuruvchi variantlarni aniqlash va norovirus infeksiyasiga qarshi istiqbolli vaksinalarni ishlab chiqish uchun muhim ahamiyatga ega.

Nashr:

Cannon J. L., Bonifacio J., Fumian T. M. et al. Global trends in norovirus genotype distribution among medically attended children with acute gastroenteritis, 2020–2025 // Journal of Clinical Virology. 2026. Vol. 184. Art. 105949. DOI: https://doi.org/10.1016/j.jcv.2026.105949.

4. SAPOVIRUS INFEKSIYASI: OSIYO MAMLAKATLARIDA O‘TKAZILGAN META-TAHLIL KASALXONAGA YOTQIZILGAN BOLALAR ORASIDA UNING TARQALGANLIGINI ANIQLADI

World Journal of Virology jurnalida Osiyo mamlakatlaridagi shifoxonalarda davolanayotgan bolalar orasida sapovirus infeksiyasining tarqalishiga bag‘ishlangan tizimli sharh va meta-tahlil natijalari e’lon qilindi.

Tadqiqotchilar sapoviruslarni aniqlashga qaratilgan, asosan PZR va teskari transkripsiyali PZR (OT-PZR) usullaridan foydalanilgan molekulyar-epidemiologik tadqiqotlar natijalarini umumlashtirdilar.

Kasalxonaga yotqizilgan bolalar orasida sapovirus infeksiyasining umumlashtirilgan tarqalish ko‘rsatkichi 1,73 foizni tashkil etdi (95% ishonch oralig‘i: 1,33–2,25).

Tadqiqot natijalari sapovirus virusli gastroenteritning qo‘shimcha muhim etiologik omili ekanligini ko‘rsatadi. Cheklangan diagnostik panellardan foydalanilganda ushbu qo‘zg‘atuvchi aniqlanmay qolishi mumkin.

Mualliflar molekulyar diagnostika imkoniyatlarini kengaytirish hamda virusli ichak infeksiyalarini kompleks tekshirish dasturlariga sapovirusni ham kiritish zarurligini ta’kidlaydilar.

Nashr:

Sikenis M., Prajapati B., Singh A. K. et al. Prevalence of sapovirus infection among hospitalized pediatric patients in Asia: a systematic review and meta-analysis // World Journal of Virology. 2026. Vol. 15, No. 1. Art. 118273. DOI: https://doi.org/10.5501/wjv.v15.i1.118273.