- Бош сахифа
- Институт
- Бўлинмалар
- Булим
- Papillomavirus va boshqa onkogen virus infeksiyalarini tadqiq etish bo‘limi
Papillomavirus va boshqa onkogen virus infeksiyalarini tadqiq etish bo‘limi
Bachadon bo‘yni saratoni (BBS) ayollar salomatligiga ta’sir ko‘rsatuvchi dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammolardan biri hisoblanadi. Uning rivojlanishidagi asosiy etiologik omil yuqori onkogen xavfga ega bo‘lgan odam papillomavirusi (OPV) bilan persistensiyalanuvchi infeksiyadir. Saratonoldi o‘zgarishlarining uzoq vaqt davomida rivojlanishi zamonaviy skrining usullari, jumladan, OPV DNK-testi va suyuqlik sitologiyasi yordamida kasallikni o‘z vaqtida aniqlash hamda uning oldini olish imkonini beradi.
Bo‘lim faoliyatining asosiy yo‘nalishlari
Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida OPV infeksiyasi epidemiologiyasini o‘rganish, laboratoriya diagnostikasi usullarini takomillashtirish, virus genotiplarini aniqlash, shuningdek, saratonoldi holatlari va bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlashning zamonaviy yondashuvlarini joriy etishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib boriladi. Diagnostik test-tizimlar samaradorligini baholash va skrining tekshiruvlari sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Bachadon bo‘yni saratonini skrining qilish milliy dasturini amalga oshirish
2024-yildan boshlab Institut O‘zbekiston Respublikasi Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi bilan hamkorlikda bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlashga qaratilgan skrining tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ishtirok etib kelmoqda. 2025-yildan boshlab ushbu faoliyat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-402-son qarori asosida amalga oshirilayotgan milliy dastur doirasida davom ettirilmoqda. Hozirgi vaqtda Toshkent shahrida OPV DNK-testi hamda ijobiy natija aniqlangan ayollarni keyingi diagnostik tekshiruvlardan o‘tkazish orqali skrining ishlari davom ettirilmoqda.
Xalqaro hamkorlik va sifat nazorati
2025-yildan boshlab Institut Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (KOFIH) bilan hamkorlikda «O‘zbekiston Respublikasida odam papillomavirusi (OPV) bo‘yicha tadqiqotlar va diagnostikani takomillashtirish» loyihasini amalga oshirmoqda. Hamkorlik doirasida OPV diagnostikasi sifatini baholash va nazorat qilishga qaratilgan tadqiqotlar olib borilmoqda. Ushbu ishlar laboratoriya natijalarining ishonchliligini oshirish, diagnostika texnologiyalarini takomillashtirish hamda mutaxassislarning kasbiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bo‘lim faoliyatining asosiy maqsadi — OPV infeksiyasini diagnostika qilishning ilmiy asoslangan yondashuvlarini rivojlantirish, laboratoriya tekshiruvlari sifatini oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasida bachadon bo‘yni saratonining oldini olish va uni erta aniqlash tizimini takomillashtirishdan iborat.
AHMEDOVA LYUBOV MIHAYLOVNA, PhD
Papillomavirus va boshqa onkogen virus infeksiyalarini tadqiq etish bo‘limi mudiri.
TA’LIMI VA MEHNAT FAOLIYATI
2004–2011-yillar – Toshkent pediatriya tibbiyot institutining talabasi.
2011–2014-yillar – Toshkent pediatriya tibbiyot institutining magistranti.
2013–2014-yillar – «British Pharma» kompaniyasida menejer.
2014–2016-yillar – Qo‘ng‘irot tuman tibbiyot birlashmasida shifokor-infeksionist.
2016–2021-yillar – Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutining «Referens» laboratoriyasida shifokor-virusolog.
2018–2021-yillar – Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutining tayanch doktorantura bosqichi doktoranti.
2021–2023-yillar – Yaponiyaning Xirosima universiteti magistranti.
2023-yildan hozirgi vaqtgacha – Epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutining Papillomavirus va boshqa onkogen virus infeksiyalarini tadqiq etish bo‘limi mudiri.